Ertaklarim

Ertaklarim, ertaklarim,
Berdim mehrim, yuraklarim.
Siz tufayli kulib turar
Ulug‘-ulug‘ istaklarim,
Ertaklarim.


El qalbiga qulok soldim,
Ta’lim oldim, zavqlar oldim.
O‘qiganga bo‘ling ibrat.
Ey, mazmuni urnaklarim,
Ertaklarim.

O‘quvchimga darsimdaysiz,
Uzayotgan qarzimdaysiz.
Gullar ochsa, bersa meva
Niholdagi kurtaklarim,
Ertaklarim.

Siz xalollik o‘rgatdingiz,
Dilga mardlik o‘rnatdingiz.
Alpomishday javlon urgan,
Niyatlari yuksaklarim,
Ertaklarim.

Yetildingiz dilimda siz,
Ona o‘zbek tilimda siz,
Sizga bo‘lsin guldastalar
Ijod bogi chechaklarim.
Ertaklarim.

Sizni menga onam aytgan,
Dustim aytgan — olam aytgan.
Po‘lat MO‘MIN o‘g‘li bo‘lib
Kitobimga yetakladim,
Ertaklarim.

                    Po‘lat Mo‘min (1922-2004)