She’rim, ochil dasturxon

She’rim, ochil dasturxon,
She’rim – ochiq dasturxon.
El o‘g‘lin qilay mehmon,
Bo‘layin ulkan mezbon.
Shoiringman mehribon,
Qilgim kelar ulkan ish,
Dunyoda eng ko‘rkam ish.
She’r bulog‘im qayna, jo‘sh,
She’rjonim, bo‘l oqqush,
She’rim hayot bog‘bonim,
She’r askarim – posbonim.
Pahlavon beozorim,
Ko‘ngillarni yozarim,
Yuragim osmonisan,
El-yurtim posbonisan,
Tinchligim kaptarisan,
O’quvchim daftarisan.
Qadrdon maktabimsan,
Yuragim, rubobimsan.
Sensan qo‘shiq, ulkan kuy,
Sen kirmagan biron uy,
Sen bo‘lmagan bayram, to‘y,
Qolmasin hech bir elda.
Yangra she’rim, ming tilda.
Xalq yuragin makon et,
Xalqim ko‘nglin osmon et.
Yoqimli bo‘l havodek,
Jon ozig‘im navodek,
Jon bag‘ishla o‘likka,
Zavq bag‘ishla tirikka.
She’r desam jonim erir,
Jonu jahonim erir.
Onamning allasi she’r,
Hofizlar yallasi she’r.
Xalqimga madadkorim.
«Hayt» tuyaga madorim.
She’rim, ochil dasturxon,
She’rim – ochiq dasturxon.

                                                                                  Quddus Muhammadiy (1907-1997)