Bo‘rining doktor bo‘lgani haqida ertak

Nelar bo‘lmas jahonda!..
Yer go‘yo ters aylandi. –
Doktorlikka, o‘rmonda,
Yirtqich Bo‘ri saylandi.

Ana, qarang,
Tish qayrab
O‘tirar shum shifokor.
Yo‘lga boqar jovdirab,

Tezroq kelsa deb bemor.
Keldi ingrab Quyonvoy,
Shalvirab ding qulog‘i.
Qadamlari poyma-poy,
(Balki, tortmas oyog‘i).

– Qani, o‘tir.
Xix-xix-xi…
Darding nima?
Ayt, inim.
– Bo‘ri og‘a,

Uch kunki –
Tinmay og‘rir biqinim.

Bo‘ri yaqin o‘tirdi,
Dono bilib o‘zini.

Biqin qolib,
Tekshirdi –

Quyonning chap ko‘zini.
– Kechikamiz, dingquloq,
Ko‘rmasak tez chora gar.
Oshqozoning sal chatoq,
Buni… «gripp» deydilar.
Biz tabiblar bu dardni

Juda yaxshi bilamiz.

Dadilroq bo‘l,

Sen mardni –

Operatsiya qilamiz.
Qani, rozi bo‘l shartta,

Keyin rahmat aytasan.
Omon kolsang,
Albatta –

Uyga tirik qaytasan.
Dikkaytirib dumini,

Qochib qoldi tez Quyon.
Bechoraning biqini
Og‘rimas shundan buyon.

Keyin, og‘rib tomog‘i,
Keldi yig‘lab yosh To‘ng‘iz.
Ushlab ko‘rib oyog‘in,

Bo‘ri dedi:
– Voh, esiz!..
Tomoq og‘riq boshlanar

O‘ng oyoqning poyidan.
Kesib olsak soz bo‘lar
Go‘shtlikkina joyidan.

Bo‘ri tayyor deb o‘lja,
Yutar ekan so‘lagin;
Fursat poylab To‘ng‘izcha
Rostlab qoldi juftagin.

Keldi Tulki ming‘irlab,
Tikan kirib qo‘liga.
(Bo‘ri der: «Bu boshqa gap!»
Uchrab go‘shtning mo‘liga).

– Doktor, uzr,
Keldim kech…
Juda chatoq ishlarim…

– Dard ko‘rmaysan endi hech,
Omon bo‘lsa tishlarim!
– Kecha tunda uzoqdan

Tinglab shirin ovozin,
Tutib keldim qishloqdan
Tul kampirning xo‘rozin.

Yo‘lda ablah bo‘ztikan
Yaraladi qo‘limni.
Azobi ja zo‘r ekan,
Bukchaytirdi belimni.

«Shoshmay turgin, muttaham!»
Der Bo‘rivoy ichida.

– Ko‘z tegmasin,
O‘zing ham –
Yetilibsan-da juda…
Mana senga tabletka,

Beri kel-chi, jon ini.

…Shunday qilib,

Bir chetda
Bo‘ri yedi Tulkini.
So‘ngra ochib «Bemorni –
Qabul qilish daftarin;
Silab-siypab qornini,
Yozdi ushbu gaplarni:

«Qo‘lin tirnab bo‘ztikan,
Tulki keldi notetik.

Ahvoli og‘ir ekan,
Chora topmadik…

Yedik!»
Kechga yaqin kekkayib,
Kirib keldi qari Sher.
Bo‘ri yetti bukchayib,

«Xush kelibsiz, shohim!» der.
Sher harsillab,
O‘zini –

Kresloga tashladi.
Chaqchaytirib ko‘zini,

Darg‘azab so‘z boshladi:
– Yuray desang sog‘, quvnoq,
Yaxshilab ko‘r, akasi.

Bir hafta-ki,
Sal yo‘qroq

Ishtahamning mazasi.

Bo‘ri aytar:
– O, shohim,

Tortmang buncha dard g‘amin.
Buning chorasi oson,

Sizga kerak vitamin.
Tabibdir yetti pushtim,

Shunday uqtirar ular:
«Semiz, hayvonning go‘shti
Vitaminga boy bo‘lar».

Ta’zim qilib bemorga,
U tugatgach gapini;

Boqib semiz doktorga,
Sher yaladi labini:

– Yaxshi emas, har holda,
Men vitamin izlasam.
Shoh bo‘lsam-u,
Shoqolday –
O‘rmonda giz-gizlasam.

Qo‘ldan bersam imkonni,
So‘ng yurarman armonda. –

Sendan semiz hayvonni
Topish mushkul o‘rmonda.

Qadrlayman men har choq
Tabiblarning so‘zini…

Totmoqchiman hoziroq
Vitaminning tuzini.

…Zo‘ravonga jazo – shu,
Qasoskordir bu zamin.

Avval bo‘ri edi u,
Endi bo‘ldi vitamin.

Lekin, gavjum o‘rmonga
Tabib kerakdir albat.

Davra qurdi hayvonlar
Qilmoq uchun maslahat.

Barchaga teng biyronni
Tanlaylik deb bu ishga,

Yubordilar Quyonni
Doktorlikka o‘qishga

Anvar Obidjon