Odil hokim

Bir kuni ikki kishi ovqatlanib o‘tirgan ekan. Ularning birida beshta, ikkinchisida uchta kulchasi bor ekan. Xuddi shu payt ko‘chadan o‘tib borayotgan bir yigitcha ularning yoniga kelib salom beribdi. Ular salomga alik qaytarib, yigitchani nonushtaga taklif etishibdi. Yigitcha taklifni qabul qilib, ularga qo‘shilibdi va nonushta tugagandan so‘ng yo‘lovchi ularga sakkiz oltin tashlab:
– Olinglar, bu sizning kulchalaringiz haqi, – debdi.
Ular oltinlarni o‘zaro bo‘lisha boshlashibdi. Beshta kulchaning egasi: – Oltinlarning beshtasi meniki, uchtasi esa seniki, – deb baqiribdi.
Uchta kulchaning egasi bo‘lsa, oltinlarni teng bo‘lamiz, deb turib olibdi. Janjal boigan sayin kuchayib, hech bir-birlari bilan kelisha olishmabdi.
Shunda ular odil hokim oldiga borib, unga bo‘lgan voqeani so‘zlab berishibdi. Hokim uch kulcha egasiga qarab:
– O‘sha yigitcha senga rozi bo‘lib, o‘z ixtiyori bilan uch oltinni beribdi-yu, nega sen ularni olmading?
– Janob, men unga rozi bo‘lmadim. Men o‘z ulushimni to‘g‘ri talab qildim, – deb javob qilibdi haligi odam.
– Sen hali o‘z ulushingni talab qilyapsanmi? – debdi hokim. -Ammo sening ulushing bor-yo‘g‘i bir oltin, qolgan yettitasi boshqaning haqi.
– Nega unday bo‘larkan, janob, menga bor-yo‘g‘i bir oltin tegarkanmi? – shovqin solibdi uch kulcha egasi. – Men uch oltinga ham rozi bo‘lmay tursamu, sen bo‘lsang bor-yo‘g‘i bir oltin beryapsan!
– Sizlar uch kishi edinglar, – deb javob qilibdi hokim, -kulchalar esa hammasi bo‘lib sakkizta. Agar har bir kulchani uchga bo‘lgan taqdirda, ulardan yigirma to‘rt bo‘lak chiqadi. Agar sizlar teng yegan bo‘lsalaring, unda har biringizga sakkiz bo‘lakdan to‘g‘ri keladi. Sening uch kulcha noningdan to‘qqiz bo‘lak chiqadi. Undan sen sakkiz bo‘lagini yegansan, bor-yo‘g‘i bir bo‘lagi qolgan. Boshqa odamning beshta kulchasidan o‘n besh bo‘lak chiqqan. Uning sakkizinchisini o‘zi tamaddi qilgan bo‘lib, yetti bo‘lagi qolgan.
Agarda o‘sha yo‘lovchi yigit sakkiz bo‘lak non yegan bo‘lsa, shundan bir bo‘lagi seniki bo‘lib, qolgan yetti bo‘lagi uniki. Demak, senga tegishlisi- bir, uniki – yetti oltindir. O‘zing yaxshilab hisob-kitob qilib, o‘ylab ko‘r, – debdi.
– To‘g‘ri, endi tushundim, gapingga qo‘shilaman, – deb javob qilibdi haligi odam.