Tuz qadri

Qadim zamonda bir podshohning uch qizi boʻlgan ekan. Bir kuni podshoh qizlarini yoniga chaqirib:

– Meni qanchalik yaxshi koʻrasiz? – deb soʻrabdi.

Katta qizi “dunyolar qadar” debdi, oʻrtancha qizi “quchoq-quchoq mehr bilan” debdi qulochini keng yozib. Podsho xursand boʻlib qizlarini bagʻriga bosibdi. Keyin oʻylanib qolgan kenja qiziga qarab, nahotki menga boʻlgan mehriga oʻlchov topolmayapti, deb hayron boʻlib, savolini takrorlabdi.

Nihoyat kenja qizi topilmasidan xursand boʻlib otasiga jilmayib qarabdi-da:

– Siz menga tuzdan ham qadrlisiz, otajon, – debdi.

Podshoh kichik qizining javobidan gʻazabga minibdi:

– Farzand ham hech zamonda oʻz otasi qadrini eng arzon masalliq – tuzga tenglashtiradimi? Bu noshukur qizni joyi zindon, – deb baqiribdi. Soqchilar kichik qizni koʻz yoshlariga qaramasdan, zindonga tashlabdi.

Voqeadan xabardor keksa zindonbon podshohning bu adolatsizligiga chiday olmabdi. El oyogʻi tinib, saroydagilar uyquga ketgan yarim kechada qizni zindondan chiqarib, saroydan qochirib yuboribdi.

Kenja qiz yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, erta tongda bir qishloqqa kirib boribdi. Musofir, ammo koʻzlari mehrga toʻla kenja qizni shu yerdagi boylardan biri xonadoniga xizmatkor qilib olibdi. Qiz chaqqonligi, ozodaligi bilan boyning xotiniga ham yoqibdi va qiz shu yerda yashab qolibdi. Yildan yilga qizning husniga husn, farosatiga farosat qoʻshilaveribdi. Uning goʻzalligi eldan-elga, tildan-tilga koʻchibdi. Kenja qizning dovrugʻini eshitgan qoʻshni davlat podshohi uni toʻy-tomoshalar bilan kelin qilib olib ketibdi.

Oradan bir qancha vaqt oʻtib, qiz boshidan kechirganlarini shahzodaga aytib beribdi va otasini mehmondorchilikka chaqirish niyati borligini aytibdi. Shahzoda rozi boʻlgach, kerakli hozirliklar qilinib, malika otasini ziyofatga chaqiribdi.

Qizning otasi aytilgan kunda mulozimlar bilan birga saroyga tashrif buyuribdi. Dasturxonga hidi ishtahani qitiqlaydigan anvoyi taomlar tortilibdi. Mehmon – podsho taomga ishtaha bilan qoʻl uzatar, biroq tatib koʻrgach, yuzi bujmayib ogʻzidagi luqmani arang yutgach, qaytib u taomga qiyo boqmabdi. Chunki taomlarga bir chimdim ham tuz solinmagan, nihoyatda bemaza ekan-da. Och qolib, asabiylashayotgan otasining holatini zimdan kuzatgan kenja qiz oʻrnidan turib “mehmon”ga yuzlanibdi.

– Shohim, eshitishimga qaraganda, kenja qizingiz sizni “Tuz qadar yaxshi koʻraman”, deganida, uni zindonga tashlagan ekansiz.

Podsho bir soʻz demabdi, biroq taomlarga nadomat bilan qarab qoʻyibdi.

– Otajon, men oʻsha gunohkor qizingizman. Oʻzimni haqligimni isbotlash, oʻshanda aytgan soʻzlarimning maʼnosini anglashingiz uchun ziyofat dasturxonidagi siz xush koʻrgan taomlarni ataylab tuz solmasdan tayyorlatdim, gunohkor qizingizni kechiring, – debdi u yuzidagi pardani koʻtarib.

Podshoh qilgan adolatsizligidan xijolat boʻlib, tuzning inson hayotida nechogʻlik zarurat ekanligini anglabdi. Koʻzlaridan duv-duv yoshlar toʻkib, zukko va mehribon qizini bagʻriga bosibdi.

Turkchadan Nodira XUDOYNAZAROVA tarjimasi