Yangi yil archasiga

Buncha ham chiroylisan,
Yam-yashilsan har qachon!
Yangi yilning ko‘rkisan,
Sevimlisan, archajon.

Qish boboning uyida
Aziz mehmon — ko‘klamsan.
Bugun uning to‘yida
Ayniqsa soz — ko‘rkamsan.

Ko‘ylagingga juda ko‘p
Zar tugmalar taqilgan.
Shoxlaringda qizil, ko‘k…
Lampochkalar yoqilgan.

Bo‘yim yetmas shoxingga,
Lekin, ey archajonim!
Tabelimda bor senga
Atab tizgan marjonim!

Senga deb tizgan marjon
A’lo baholarimdir.
Kel, taqib qo‘yay, archam,
Shoxlaringni egib tur.

Erkin Vohidov