Ota nasihati

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir dehqon o‘tgan ekan. Uning uchta o‘g‘li bor ekan. Uch o‘g‘lidan ikkitasini uylantirib, joylagan ekan. Ular o‘z oilalari bilan alohida bo‘lib chiqib ketishgan ekan.
Kenja o‘g‘li otasi bilan qolibdi. Otasi ancha keksayib qolgan ekan, bir kuni kasal bo‘lib yotib qolibdi. Shunda o‘g‘lini chaqirib, shunday nasihat qilibdi:
— Mendan keyin sen uzumning tagiga yaxshi qaragin. U yerdan albatta, boylik topasan.
Ko‘p o‘tmay, otasi o‘libdi. Yigit otasini ko‘mib kelgach, uzum tagini rosa kovlabdi, lekin hech narsa topa olmabdi. Yigit nima qilishini bilmay, bir keksa cholga borib, bo‘lgan gaplarni aytib beribdi. Shunda chol:
— Otang senga «qanchalik uzumning tagini yaxshi ishlasang, shunchalik ko‘p hosil olasan va boyib ketib, yaxshi yashaysan», degan debdi.
Rostdan ham, o‘sha yili yigit uzumning tagiga yaxshi qarabdi, ko‘p mehnat sarflabdi. Uzum ham juda ko‘p qilibdi, yigit ularni sotib, boyib ketibdi.