Ovchi va qushlar

Bir ovchi daraning chekkasiga to‘rdan tuzoq qo‘yibdi. To‘r tagidagi don-dunlarga aldangan bir to‘da qushlar tuzoqqa ilinib qolibdi.
Ovchi to‘r tuzoqlaridan xabar olgani kelsa, unga ilingan qushlar gurr etib, to‘rni ham ko‘tarib, uchib ketishibdi. Qushlarning bir tan, bir jon bo‘lib, ustiga-ustak, to‘r tuzoqni ham ko‘tarib uchishlariga lol qolgan ovchi orqalaridan quva boshlabdi.
Yo‘lda bir odamga duch kelibdi. Ovchidan nega buncha hovliqib chopayotganini so‘rabdi. Ovchi esa, osmonda uchib borayotgan qushlarni ko‘rsatib, ularni tutmoqchi ekanini aytibdi. Haligi odam kulibdi:
— Senga Alloh aql bersin, hech jahonda uchib ketayotgan qushlarga yugurib yetib bolarkanmi? — debdi.
Ovchi:
— Yetsa bo‘ladi, — debdi. — Tuzoqda bittagina qush bo‘lsa edi, yeta olmasdim, ammo, ko‘rib turibsanki, ular ko‘p. Shuning uchun yetib olaman.

Ovchi aytgandek bo‘libdi. Oqshom tushib, osmon ham qorong‘ulashgani sari qushlarning har biri o‘z uyasiga ketmoqchi bo‘libdi. Birlari tuzoqni o‘rmonga tortsa, boshqalari ko‘l tomon tortar emish. Ba’zilari tog‘ga, yana boshqalari changalzorga talpinarmish. Oqibatda hech qaysisining aytgani bo‘lmabdi. Tuzoqqa o‘ralib, hammasi yerga qulabdi.
Ovchi kelibdi-da, ularning hammasini tutib olibdi.
Bechora qushlar «Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar», degan maqolni bilganlarida edi, hammalari bir tomonga uchar va ovchi qo‘liga tushmas edilar.