Yaxshilikka yomonlik

Bir kishi tuya minib, safarga chiqibdi. Sahroda karvonlar olov yoqib o‘tirishganini ko‘rib qolibdi. Bu kishi borib yetguncha ular jo‘nab ketishibdi. Shu payt qattiq shamol turib, o‘chgan olovning cho‘g‘i uchqunlabdi.
Qurib yotgan xas-hashakka o‘t ketibdi. Haligi kishi noxush ovozni eshitibdi. Qarasa bir ilon olov ichidan: «Qutqaringlar, qutqaringlar!» — deb jon talvasasida to‘lg‘anayotgan emish.
Boyagi kishi darrov uzun tayoqqa to‘rva osib, ilon tomonga tutibdi. lion darrov to‘rvaga tushibdi.
U kishi to‘rvadan ilonni chiqarib, yo‘lida davom etmoqchi ekan, ilon unga:
— Hoy odam, endi seni, tuyangni chaqib sizlarni halok qilishim kerak, -debdi.
— Nima uchun? Yaxshilikka yomonlik bilan javob berasanmi? — debdi kishi ajablanib.
— Ha! — deb javob beribdi zaharli ilon.
Shunda ularning oldidan tulki o‘tib qolibdi.
Tulki kishidan bu mojaroning sababini so‘rabdi. U kishi bor voqeani aytib beribdi. Shunda tulki:
— Men bunga ishonmayman. Shunday katta ilon shu kichkina to‘rvaga qanday sig‘sin? — debdi.
Ilon bo‘lsa:
— Ishonmasang yana to‘rvaga tushay, ko‘rasan! — debdi.
— Qani tush-chi! — debdi tulki.
Ilon tezda to‘rvaga kiribdi.
Tulki u kishiga qarab:
— Ey odam! Ilon to‘rvaga tushdi, vaqtni o‘tkazma! — debdi.
Shundan keyin u kishi to‘rva og‘zini bog‘lab. uni yonib turgan olovga uloqtiribdi. Ilon halok bo‘libdi.