Sher bilan tulki

Sher qarib qoldi; endi u o‘zi ov qilib qornini to‘ydira olmasdi; shunda u ayyorlik qilib kun kechirmoqchi bo‘ldi: u o‘z g‘origa kirib, go‘yo kasal bo‘lgandek yotib oldi; shunda hayvonlar uning holidan xabar olgani kela boshladilar, Sher esa ularni tutib yeyaverdi. Bu orada ancha-muncha hayvon patarat topdi. Nihoyat, Sherning nayrang ishlatayotganini Tulki sezib qoldi; mana, u g‘or og‘ziga kelib, uzoqdan turib, Sherdan hol-ahvol so‘radi. «Ahvolim og‘ir, — deb javob qildi Sher, — ie, nega tashqarida turibsan? Kir ichkariga!» Tulki unga shunday javob qildi: «Kirardim-u, lekin qarasam, g‘orga yo‘nalgan oyoqizlari ko‘p bo‘lsa ham ichkaridan chiqqan bironta iz yo‘q».
Aqli bor odam ayrim belgi va alomatlarga qarab, xavf yaqinligini sezadi va o‘zini ehtiyot qiladi.