Hunarliga o‘lim yo‘q

Burungi zamonda bir podsho o‘tgan ekan. Bir kuni podsho bir kambag‘alning qizini olmoqchi bo‘lib, sovchi yuboribdi. Sovchilar kelib, podshoning so‘zini qizga aytishibdi. Kambag‘alning qizi sovchilarga:
— Podshoga borib aytinglar, olmoqchi bo‘lsa, men ham roziman. Lekin podsho bir hunar bilsagina tegaman, agar bilmasa o‘rgansin, — debdi.
Sovchilar podsho oldiga kelib qizning shartini aytishibdi. Podsho bu gapni eshitib, avvaliga achchig‘i kelibdi, so‘ng o‘ylanib turib, qizning gapi ta’sir qilibdi. «Podsholigim hunar emas ekan-da. Xayr, hunar ham o‘rganay», deb o‘z o‘rniga vazirini qoldirib, hunar axtarib chiqib ketibdi. Hamma hunarlarni ko‘rib, gilamchilik ma’qul bo‘libdi. Gilam to‘qiydigan bir yaxshi ustani topib, shunga shogird tushibdi. Uch yil-u uch oy deganda gilam to‘qishni o‘rganibdi. Bir gilam to‘qib, qizning uyiga yuboribdi. Podsho «Hunar o‘rgandik, shartini bajardik», deb aytib yuboribdi. Qiz:
— Podsho shartimni bajargan bo‘lsa, men ham so‘zimda turibman, endi tegaman, — debdi.
Podsho to‘y-tomosha qilib qizni olibdi, xotinidan ko‘ngli to‘lib, podsholigini qilib yuraveribdi.
Kunlardan bir kuni shu podsho mamlakatidagi elningsavdogarlari, katta-katta boylaridan bir qancha kishi yo‘q bo‘lib qolibdi. Bu xabar pbdshoga yetibdi. Qancha-qancha amaldorlar axtarib, boylarning daragini topmabdi.
Podsho «Bularni o‘zim axtarayin, shaharda bir sir borga o‘xshaydi, buni bilmasam bo‘lmaydi», deb podsholik kiyimlarini yechib, boshqa kiyimlar kiyib, odam tanimaydigan bo‘lib, kechasi el-u xalq yotgandan keyin shaharni aylanmoqchi bo‘lib, chiqib ketibdi. Bir kuni aylanib yursa, uzoqdan bir chiroq ko‘rinibdi. Podsho to‘g‘ri shu chiroq ko‘ringan joyga borsa, bir oshxona emish. Oshxonaning ichida ko‘p odam ovqat yeb o‘tirgan emish. Eshikni ochib qarashi bilan oshxona egasining ko‘zi unga tushibdi va:
— Nima ishingiz bor? — deb podshodan so‘rabdi. Podsho:
— Qornim och, ovqat yemoqchi edim, — debdi. Oshxona egasi:
— Qani, ichkari kiring, to‘rga o‘ting, — deb uni ichkari uyga olib kiribdi. Podsho to‘rga o‘tayotib yerning ostiga tushib ketibdi. Qarasa, ro‘parasida bir odam turibdi. U odam podshoning qo‘lidan tutib, ichkari uyga olib kiribdi. Uyda odam juda ko‘p ekan. Podsho qo‘rqib, indamay turganida bir kishi o‘tirgan yeridan qo‘zg‘alib, qo‘liga katta pichoqni ushlab:
— Qani, hozir navbat kimniki? — deb, to‘g‘ri podshoning oldiga kelib, uni so‘ymoqchi bo‘libdi. Birovi kelib kallasidan ushlabdi. Podsho esdan adashib, xayoli qochibdi. So‘ymoqchi bo‘lganlarga:
— Sizlar kimsizlar, sizga jon kerakmi, mol kerakmi, pul kerakmi? — debdi. Ular:
— Bizga jondan boshqa bari kerak, u bo‘lmasa jon kerak, hozir sening kallang kerak, — deyishibdi. Podsho:
— Pul, mol topib bersam bo‘ladimi? — debdi. Ular:
— Bo‘ladi, — deyishibdi. Podsho:
— Unday bo‘lsa bir hunar ko‘rsataman, mening aytganimni qilasizlar. Men bir gilam to‘qib beraman, shuni podshoga olib borsanglar, ming tilla beradi, — debdi. Ular:
— Qani, hunaringni ko‘raylik, — deyishibdi. Podsho «u kerak, bu kerak», deb gilam to‘qish uchun kerakli narsalarni aytibdi. Haligi odamlar bozorga borib, podshoning aytgan narsalarini olib kelishibdi. Podsho ipakdan bir gilam to‘qib:
— Mana shu gilamni podshoga olib boringlar. Podsho sizga ming tilla beradi, — debdi.
Haligi odamlar gilamni ko‘tarib, podsho saroyiga olib borishibdi. Saroydan bir mahram chiqib, gilamni ichkariga olib kirib, kimga berishini bilmay, vazir bilan maslahatlashibdi. Bular podshoni yo‘qotib, hayron bo‘lib yurgan ekanlar, gilamni podshoning xotiniga ko‘rsatishibdi. U o‘zining eri to‘qigan gilamni tanib, gilam keltirgan odamlarga ming tilla berib yuboribdi va orqasidan odam qo‘yibdi. O‘g‘ri tillalarni olib, suyunib to‘g‘ri oshxonaga kirib boribdi. Orqasidan poylab kelgan odam vazirga xabar beribdi. Vazir bir qancha askarlarni olib kelib, oshxonani o‘rab, ichkariga kiribdi, podshoni qutqarishibdi. Podsho o‘ziga o‘xshab qo‘lga tushgan barcha odamlarni ozod qilibdi, o‘g‘ri va qaroqchilarning qo‘llarini bog‘latib, askarlariga haydatib saroyga kelibdi va hammasini dorga ostiribdi.