Maqtanchoq kesak

Kunlarning birida eski uyning  devoridan bir kesak yerga tushibdi. U katta va qalin devor orasida yillar davomida dimiqib yotgan ekan. Quyoshga qarab, ko‘zlarini ocholmabdi. Birozdan so‘ng qisiq ko‘zlarini battar qisgancha atrofni kuzata boshlabdi. Sal narida qimir etmay turgan toshga ko‘zi tushibdi. Uning yoniga dumalab borib, qo‘rslik bilan savolga tutibdi:
–       Hoy, sen kimsan?

–       Menmi?… Men toshman.

–       Mayli, nima bo‘lsang bo‘laver, men sendan kuchliman!

Kesakning gapidan toshning jahli chiqib, uch-to‘rt qadam nari yuribdi. Hali bir-birimizni yaxshi tanimasak, — debdi u.

–       Ko‘rmayapsanmi, men kesakman, odamlarga sendan ko‘ra ko‘proq kerakman. Aniqrog‘i ularga nafim ko‘proq tegadi, — debdi kesak.

Shunda tosh o‘zidan sal nariroqda mudrab turgan daraxtni ko‘ribdi.

–       Kesakvoy, kel yaxshisi kim kuchli ekanini anavi daraxt bobodan so‘rab ko‘ramiz, — debdi tosh.

Ular bir zumda daraxt yoniga boribdi. Uni uyg‘otib, maqsadlarini aytishibdi. Keksa daraxt shoxlari bilan ko‘zlarini ishqalab, javob berishga og‘iz juftlabdi. Ammo kesak yana o‘rtaga gap qo‘shibdi:

–       Buni nimasini o‘ylayapsiz. Axir odamlar mendan boshpana qurishadi. Istasa uvoqlab, ekin ekishlari mumkin. Shuning uchun ham men toshdan ko‘ra kuchli va foydaliman.

Daraxt bobo nima deyishini bilmay turganda ularning oldidan shamol o‘tib qolibdi. Hovliqma kesak shamolni ham savolga tutibdi. Shamol shoshayotgan ekan. Lekin u kesakka bir maslahat beribdi:

–       Buni yaxshisi donishmad daryodan so‘rang. U vodiydagi barcha muammoning yechimini biladi, — debdi. Kesak toshni o‘z holiga qo‘ymay daryoning yoniga boshlab boribdi. Daryoga bor gapni aytibdi. Daryo uzoq o‘ylab, so‘z boshlabdi:

–       Qani, ikkingiz ham men tomon suvga sho‘ng‘inglar. Shunda kim kuchli ekanini aytaman, — debdi daryo.

Kesakdan qutilish maqsadida tosh o‘zini birinchi bo‘lib daryoga tashlabdi. Bus-butunligicha daryo tubiga yetib boribdi. So‘ngra daryodan bus-butun chiqib olibdi.  Kesak esa suvga tushsa nima bo‘lishini bilsa-da, manmanligini qo‘ymabdi. Suvning yarmiga ham bormay iviy boshlabdi. Bora-bora yo‘q bo‘lib ketgan kesakdan suv yuzida balqib turgan pufakchalar qolibdi.

Farhod ESHMO‘MINOV